Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 6-band. Reabilitatsiya etilgan shaxsga JPK 304-moddasiga muvofiq JPK 302 va 303-moddalarida…

Reabilitatsiya etilgan shaxsga JPK 304-moddasiga muvofiq JPK 302 va 303-moddalarida koʻrsatilgan qonunga xilof harakatlar bilan yetkazilgan quyidagi mulkiy ziyonlar toʻla hajmda qoplanadi: reabilitatsiya etilgan shaxs oʻziga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida mahrum boʻlgan ish haqi va mehnatdan topiladigan boshqa daromadlar; pensiya va nafaqalar, basharti ularni toʻlash toʻxtatib qoʻyilgan boʻlsa; pullar, pul jamgʻarmalari va ularga toʻlanadigan foizlar, davlat zayomi obligatsiyalari va ularga chiqqan yutuqlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar, shuningdek sudning hukmi, ajrimiga (qaroriga) asosan musodara qilingan yoxud davlat foydasiga oʻtkazilgan ashyolar yoxud boshqa mol-mulkning qiymati; surishtiruv, dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan olingan va yoʻqotilgan mol-mulk qiymati; sud hukmini ijro qilish chogʻida undirilgan jarimalar va sud chiqimlari; yuridik yordam koʻrsatilishi uchun shaxs tomonidan advokatlar byurosiga, hayʼatiga yoki firmasiga toʻlangan pul, shuningdek unga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida qilingan boshqa xarajatlar. Reabilitatsiya etilgan shaxs vafot etgan taqdirda toʻxtatib qoʻyilgan pensiya va nafaqalar boʻyicha ziyonni undirish huquqiga boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi bilan taʼminlanishi lozim boʻlganlar jumlasiga kiruvchi oila aʼzolari, qolgan barcha holatlar boʻyicha ziyonni undirish huquqiga uning merosxoʻrlari ega boʻladi. Maʼnaviy ziyonni pul koʻrinishida undirish huquqi reabilitatsiya qilingan shaxs bilan bogʻliqligi sababli reabilitatsiya etilgan shaxs vafot etgan hollarda uning merosxoʻrlari pul koʻrinishida maʼnaviy ziyonni undirishni talab qilish huquqiga ega boʻlmaydi.