“Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida koʻrsatib oʻtilgan bemorning huquqlaridan kelib chiqib, shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga hamda sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga yotqizish yoki uning ushbu muassasalarda yotishi muddatini uzaytirish bilan bogʻliq fuqarolik ishlari yopiq sud majlisida koʻriladi. FPK 266-moddasining 5-bandiga muvofiq sudlar tomonidan shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga yotqizish yoki uning ushbu muassasada yotishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish haqidagi hal qiluv qarori darhol ijroga qaratilishi lozim. Sudning hal qiluv qarori ustidan psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxs, uning vakili, tegishlicha psixiatriya muassasasi yoxud sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining rahbari shikoyat qilishi, prokuror protest keltirishi mumkin. Sudlarga tushuntirilsinki, shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga hamda sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga yotqizish yoki uning ushbu muassasalarda yotishi muddatini uzaytirish bilan bogʻliq fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlari arizachidan undirilmaydi.