Sudlarga tushuntirilsinki, shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish toʻgʻrisidagi yoki uning statsionarda yotishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ishlar oʻn kunlik muddatda statsionarga yotqizilayotgan shaxsning qonuniy vakili va statsionarga yotqizishning asosliligi toʻgʻrisida xulosa bergan komissiya tarkibidagi shifokor psixiatr, prokuror, shuningdek shaxs yotgan psixiatriya muassasasi vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi. FPK 318-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, sud majlisiga muassasa vakilining uzrsiz sabablarga koʻra kelmaganligi arizani koʻrib chiqishga monelik qilmaydi, biroq sud uning kelishini shart deb topishi mumkin. Bunday toifadagi ishlar boʻyicha sud majlisi sudning binosida yoki ish holatiga koʻra, psixiatriya statsionarida oʻtkazilishi mumkin. Psixiatriya statsionariga yotqizilayotgan shaxsning qonuniy vakili tushunchasi va doirasi “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilanganligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin. Bunda, Qonunning 10-moddasiga muvofiq, shaxs psixiatriya yordami koʻrsatilayotganda oʻz huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun oʻz xohishiga koʻra vakilni taklif etishga haqli. Vakillikni rasmiylashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsga psixiatriya yordami koʻrsatishda uning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni vasiy, voyaga yetmagan shaxsning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni esa ota-onasidan biri yoki boshqa qonuniy vakili amalga oshiradi. Sud shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish yoki uning statsionarda yotishi muddatini uzaytirish haqidagi arizani koʻrib chiqish yakuni boʻyicha FPK 249 — 253 , 319-moddalariga asosan hal qiluv qarori qabul qiladi.