Sud amaliyotida bitimlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini tatbiq qilishda vujudga keladigan ayrim masalalar toʻgʻrisida 6-band. Bitimlarga oid nizolarni koʻrishda shartnomani haqiqiy emas deb topish va shartnomani…

Bitimlarga oid nizolarni koʻrishda shartnomani haqiqiy emas deb topish va shartnomani bekor qilish tushunchalarini bir-biridan farqlash lozim. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi FKning 9-bobi 113 — 126-moddalarida koʻzda tutilgan bitimlarning haqiqiy emasligini tartibga soluvchi normalarda bayon etilgan asoslar boʻyicha shartnomalarni haqiqiy emas deb topilishiga yoʻl qoʻyiladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi FKning 114-moddasi 1-qismiga muvofiq haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarni vujudga keltirmaydi va u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi. Shartnomani bekor qilish esa toʻliq yoki qisman bajarilmagan shartnomani va uning oqibatida vujudga kelgan taraflarning huquq va majburiyatlarini kelgusida bekor qilishga qaratilgan harakatdir. Shartnomaning haqiqiy emasligi va shartnomani bekor qilishning oʻzaro farqi: a) bitimning haqiqiy emasligiga asos uning noqonuniyligidir. Bekor qilishga esa — uning qonuniyligi nizolashilmasdan shartnomani bekor qilishga sabab boʻladigan holatlarning yuzaga kelishi asos boʻladi; b) shartnomani bekor qilish u amalda boʻlgan vaqtdagi oʻzaro huquq va majburiyatlarga taʼsir etmasdan, faqatgina kelgusidagi huquq va majburiyatlarga taalluqlidir.