Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, FKning 9-bobida qayd etilgan qoidalar bitimlarni haqiqiy emas deb topishning qatʼiy asoslari hisoblanadi. Ayrim toifadagi bitimlarni tuzish tartibi va shartlari majburiyatlarning ayrim turlari toʻgʻrisidagi FK qoidalari va maxsus qonunlar bilan tartibga solinishini hisobga olib, sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, bitim shakli va tuzilishi tartibi qoidalariga rioya qilmaslik, toʻgʻridan-toʻgʻri qonun qoidalarida va qonunchilik aktlarida koʻrsatilgan holatlardagina FKning 115-116-moddalari asosida bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Oʻzbekiston Respublikasi FKning 114-moddasi 2-qismiga muvofiq, bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilmagan boʻlsa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart. Sudlar “bitim boʻyicha olingan narsa”ni aniqlashda haqiqiy emas deb topilgan shartnoma shartlaridan kelib chiqib, shuni nazarda tutishlari lozimki, bitim haqiqiyligi nizolashilganda taraflarning bitim shartlari doirasidan tashqaridagi munosabatlari huquqiy ahamiyatga ega emas. Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu bitimni tuzish natijasida olingan foyda bitim boʻyicha olingan hamma narsani qaytarib berish toʻgʻrisida talab qoʻyilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga oʻtkaziladi. Bunday bitimni ijro etish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan shaxsning hisobidan qoplanadi. Korrupsiyaga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, bunday bitimni tuzish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni aybdor shaxslar tomonidan sud tartibida qoplanadi (FK 114-moddasi uchinchi va toʻrtinchi qismlari ).