Iqtisodiy sudning qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori qarzdor va uning mulki joylashgan joydagi davlat ijrochisiga yuborilishi lozim. Tushuntirilsinki, iqtisodiy sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatish ishini yuritishni ochish toʻgʻrisidagi qarorining koʻchirma nusxasi olinganda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tamomlaydi, bundan undiruvni garov bilan taʼminlangan mol-mulkka qaratish, mulk huquqini eʼtirof etish, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish, mol-mulkni oʻzga shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish, asossiz orttirilgan boylikni qaytarish, bitimlarni haqiqiy emas deb topish va ularning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi, shuningdek joriy toʻlovlar boʻyicha talablar yuzasidan ijro ishi yuritishlar mustasno. Ijro ishi yuritishni tugatish bilan bir vaqtda davlat ijrochisi ijro ishi yuritish davomida oʻzi tomonidan qarzdorning mol-mulkiga qoʻyilgan taqiqlar va ijro bilan bogʻliq boʻlgan boshqa cheklovlarni bekor qiladi. Tugatishga doir ish yuritish jarayonida qarzdorning barcha majburiyatlari amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilganligi bois, ish yuritish tugatilgan ijro hujjatlari, ijro ishi yuritishni tugatish haqidagi davlat ijrochisining qarori nusxasi bilan birgalikda, uch ish kuni ichida tugatuvchiga yuboriladi. Qonun 62-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, davlat ijrochisi ijro hujjatini yuborilganligi haqida undiruvchiga maʼlum qiladi.