Jinoyat-protsessual kodeksi 544-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma sudlanganlik holati mavjud shaxs, uning himoyachisi yoki qonuniy vakilining yoxud jamoat birlashmasi yoki jamoa tomonidan jazoni oʻtab chiqqan shaxs yashash joyidagi tuman (shahar) sudiga berilishi mumkin. Sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash masalasini hal etishda, sud sudlanganlik holati mavjud shaxsning qonunga itoatkor turmush tarzini tasdiqlovchi holatlarni (huquqbuzarlik mavjud emasligi, jazo oʻtashdan ozod qilingandan keyingi xulq-atvori, ishlash va yashash joyidan ijobiy tavsifnomalar, ichki ishlar organi axborot markazi maʼlumotnomasi mavjudligi va h.k.) aniqlashi zarur. Jinoyat-protsessual kodeksi 544-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash toʻgʻrisida takroriy iltimosnoma uni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgan kundan boshlab kamida bir yil oʻtgandan keyin berilishi mumkin. Sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash toʻgʻrisidagi ajrim hukm chiqargan sudga va ichki ishlar organlarining axborot markaziga yuborilishi lozim.