Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 2-band. Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat qonunida shaxs sudlanmagan hisoblanadigan hollar…

Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat qonunida shaxs sudlanmagan hisoblanadigan hollar mavjud. Jumladan, quyidagi holda shaxs sudlanmagan hisoblanadi, agar unga nisbatan: jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilgan (JK 70 , 71 , 76-moddalari ) yoxud shaxs bir vaqtning oʻzida asosiy va qoʻshimcha jazodan birinchi, apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi sudi tomonidan ozod qilingan (JK 69 , 75 , 76-moddalari ) boʻlsa; tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan boʻlsa (JK 94-moddasi ). Quyidagi asoslarga koʻra jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxs ham sudlanmagan hisoblanadi: javobgarlikka tortish muddatining oʻtib ketganligi munosabati bilan (JK 64-moddasi ); qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yoʻqotganligi munosabati bilan (JK 65-moddasi ); aybdor oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlganligi munosabati bilan (JK 66-moddasi ); jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan (JK 66-1-moddasi ); jinoyat sodir etgan shaxs kasalligi tufayli (JK 67-moddasi ); amnistiya akti qoʻllanilganligi munosabati bilan (JK 68-moddasi ).