Sudlar tomonidan er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish haqidagi ishlarni koʻrishda qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 21-band. Mulk huquqini vujudga kelishi asoslaridan biri bitimlar boʻlib, kredit mablagʻlari…

Mulk huquqini vujudga kelishi asoslaridan biri bitimlar boʻlib, kredit mablagʻlari evaziga sotib olingan koʻchmas mulk ham er va xotinning umumiy birgalikdagi mulki hisoblanadi (FK 182-moddasi ). Shunga koʻra, OK 28-moddasining uchinchi qismi talabidan kelib chiqib, kredit mablagʻlari evaziga sotib olingan koʻchmas mulkni boʻlishda sudlarning eʼtibori kredit shartnomasi boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan pul summasi ham er va xotinning umumiy qarz majburiyatlari deb topilishi shartligiga qaratilsin. Sud hujjatida er va xotin ularga taqsimlangan koʻchmas mulkdagi ulushlariga mutanosib ravishda kreditor oldida javobgar ekanliklari tushuntirilishi lozim. Kredit majburiyatlarini koʻchmas mulkdagi ulushi qiymatidan ortiq miqdorda bajargan er yoki xotin kredit boʻyicha majburiyatlar toʻliq bajarilgandan keyin oʻz ulushi qiymatidan ortiq toʻlangan summani undirish yoki ulushlarni qayta taqsimlash haqidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqli. Mazkur toifadagi ishlarni koʻrishda sudlar tegishli kredit tashkilotini mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilishlari lozim. Shuningdek, agar mol-mulk er yoki xotinning biri tomonidan nikohga kirguniga qadar kredit mablagʻlari evaziga sotib olingan boʻlib, kredit majburiyatlari esa nikoh davomida bajarilganda, nikoh davomida toʻlangan pul summasi er-xotinning umumiy birgalikdagi mulki hisoblanadi.