Tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining arizalari boʻyicha farzandlikka olish haqidagi ishlar farzandlikka olinayotgan bolaning yashash yoki turgan joyidagi fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari sudloviga taalluqli. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashab kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek qayerda doimiy yashayotganliklaridan qatʼi nazar, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning farzandlikka olish haqidagi arizalari farzandlikka olinayotgan bolaning yashash yoki turgan joyidagi tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar yoki Toshkent shahar sudlari sudloviga taalluqli. Farzandlikka oluvchilarning biri boshqa davlat fuqarosi boʻlganda ham farzandlikka olish haqidagi ariza ushbu sudlarga taalluqlidir.