Oila kodeksining 238-moddasiga muvofiq sud chet el oila huquqining normalarini qoʻllashda mazkur normalarining mazmunini ularning tegishli chet el davlatida rasmiy sharhlanishi va amaliyotda qoʻllanilishiga muvofiq tarzda aniqlaydi. Shu munosabat bilan chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash maqsadida sud yordam va tushuntirishlar olish uchun belgilangan tartibda Adliya vazirligiga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlariga murojaat qilishi yoki ekspertlarni jalb qilishga haqli. Agar amalga oshirilgan choralarga qaramay, chet el oila huquqi normalarining mazmuni aniqlanmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari qoʻllaniladi.