Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 23-band. Farzandlikka olish haqidagi ariza qanoatlantirilganda hal qiluv qarorining xulosa qismida…

Farzandlikka olish haqidagi ariza qanoatlantirilganda hal qiluv qarorining xulosa qismida farzandlikka olingan bolaning tugʻilishi yozilgan daftarga oʻzgartirishlar kiritish uchun zarur boʻlgan farzandlikka olingan va farzandlikka oluvchilar (oluvchi) toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar koʻrsatiladi. Bola bitta shaxs tomonidan farzandlikka olinayotganda uning manfaatlarini koʻzlab, agar farzandlikka oluvchi erkak boʻlsa, onasining xohishiga koʻra yoki agar farzandlikka oluvchi ayol boʻlsa, otasining xohishiga koʻra, shuningdek agar farzandlikka olinayotgan bolaning otasi yoki onasi vafot etgan boʻlsa, vafot etgan ota yoki ona ota-onasining (buvaning yoki buvining) iltimosiga koʻra sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi qarorida farzandlikka olingan bolaning otasi yoki onasi bilan yoxud vafot etgan otasining yoki onasining qarindoshlari bilan huquqiy munosabatlari saqlab qolinishi koʻrsatib oʻtiladi.