Tushuntirilsinki, farzandlikka olganlarning oʻz zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tortganlari yoki ularni lozim darajada bajarmaganliklari sud tomonidan farzandlikka olishni bekor qilish uchun asos boʻlishi mumkin. Bolaning manfaatlari uchun zarur boʻlgan boshqa hollarda ham farzandlikka olish sud tomonidan bekor qilinishi mumkin. Farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisidagi daʼvo, uni rasmiylashtirishda qonun buzilganligini asos qilib qoʻzgʻatilgan boʻlsa, sud nizoni hal etishda barcha haqiqiy holatlarni, jumladan farzandlikka olishni bekor qilish bolaning manfaatlariga zid kelish-kelmasligini hisobga olishi shart.