Sudlarga tushuntirilsinki, farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilganda, farzandlikka oluvchilar (oluvchi) va farzandlikka olinayotgan bolaning oʻzaro huquq va majburiyatlari farzandlikka olingan bolaning tugʻilishini qayd etish daftariga zarur oʻzgartirishlar kiritilgan kundan eʼtiboran belgilanadi. Shu sababli sudlar farzandlikka olinayotgan bola manfaatlaridan kelib chiqqan holda FPK 303-moddasining beshinchi qismiga asosan farzandlikka olish, farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab uch kun ichida hal qiluv qarorining xulosa qismini farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganligi qayd qilingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart. Farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganligi Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida qayd etilgan hollarda, sud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-sonli qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga muvofiq hal qiluv qarorining xulosa qismini farzandlikka oluvchining yashash joyidagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.