Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 7-band. Qonun bilan himoyalangan farzandlikka olishning sir saqlanishini taʼminlash (Oila kodeksi…

Qonun bilan himoyalangan farzandlikka olishning sir saqlanishini taʼminlash (Oila kodeksi 153-moddasi ) maqsadida sudlarning eʼtibori mazkur toifadagi ishlar, shu jumladan farzandlikka olishni bekor qilish va haqiqiy emas deb topish haqidagi ishlar ham, yopiq sud majlisida koʻrib chiqilishiga va bu masala ishni sudda koʻrishga tayinlash haqidagi ajrim bilan hal etilishi lozimligiga qaratilsin. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ularga maʼlum boʻlgan farzandlikka olish bilan bogʻliq maʼlumotlarni sir saqlashlari zarurligi, shuningdek farzandlikka olish sirini farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi oshkor qilganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 125-moddasiga binoan jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirilishlari lozim. Bu harakatlar sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi va mazkur shaxslar tomonidan imzo bilan tasdiqlanadi. Fuqarolik ishi yopiq sud majlisida koʻrilishi toʻgʻrisida sud majlisi bayonnomasida va hal qiluv qarorida koʻrsatiladi.