Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga koʻra (19-moddasining birinchi qismi ) mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda mazkur Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi. Fuqarolarning fuqarolik huquq va burchlariga ega boʻlish layoqati (huquq layoqati) tugʻilgan paytdan vujudga kelib, vafot etishi bilan tugaydi. Fuqaroning oʻz harakatlari bilan fuqarolik huquqlarini amalga oshirish va burchlarini bajarish layoqati (muomala layoqati) esa u oʻn sakkiz yoshga toʻlgach yoki toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinganida (emansipatsiya) toʻla hajmda vujudga keladi. Fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish yoki bunday cheklashni bekor qilish hamda fuqaroni muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqatli deb topish toʻgʻrisidagi ishlarni qonuniylikka qatʼiy rioya qilgan holda oʻz vaqtida va toʻgʻri hal qilinishi fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolati hisoblanadi.