Sudlarning eʼtibori FPKning 316-moddasi talablariga muvofiq fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud xarajatlari arizachidan undirilmasligi sababli, ushbu toifadagi ishlar boʻyicha arizachilar davlat boji va pochta xarajatlarini toʻlamasdan sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligiga qaratilsin. Agar ariza davlat boji toʻlangan holda topshirilgan boʻlsa, sud ishni koʻrish yakunlari boʻyicha, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasiga asosan uni ortiqcha toʻlangan deb topib, qaytarish masalasini hal qilishi lozim. Sud ariza fuqaroning oila aʼzolari tomonidan insofsizlik bilan, asossiz ravishda fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki uni muomala layoqatidan mahrum etish maqsadida ataylab berilgan deb topsa, oldindan toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi, davlat foydasiga undirilishi lozim boʻlgan davlat boji esa, arizachidan undiriladi. Sudlarga tushuntirilsinki, arizaning insofsizlik bilan, asossiz ravishda va ataylab berilganligini baholashda FPKning 40-moddasi ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻzlariga berilgan protsessual huquqlardan insofli ravishda foydalanishi shartligi haqidagi talabi, shuningdek, FKning 9-moddasida belgilangan fuqarolik huquqlarini halol, oqilona va adolat bilan amalga oshirish, boshqa shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmaslik, huquqni suiisteʼmol qilmaslik toʻgʻrisidagi umumiy qoidalardan kelib chiqish maqsadga muvofiq.