Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida 51-band. Ikki yoki undan ortiq jinoyatlar majmui boʻyicha asosiy jazo belgilashda, sud, alohida…

Ikki yoki undan ortiq jinoyatlar majmui boʻyicha asosiy jazo belgilashda, sud, alohida jinoyatlar uchun tayinlangan jazolarning yengilrogʻini ogʻirrogʻi bilan qoplash yoki ularni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasi boʻyicha uzil-kesil jazo tayinlaydi. Bunda: agar jinoyatlar majmuini faqat ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar tashkil etsa, sud jazo tayinlashning umumiy asoslariga rioya etgan holda yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash yoki jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasidan birini tanlashga haqli; agar jinoyatlar majmuini tashkil etuvchi jinoyatlardan loaqal bittasi ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, sud Jinoyat kodeksi Umumiy qismida muayyan jazo turi uchun belgilangan doirada jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasiga amal qiladi. Har xil turdagi asosiy jazolarni qoʻshganda ozodlikni cheklashning bir kuni axloq tuzatish ishlarining yoki xizmat boʻyicha cheklashning uch kuniga toʻgʻri keladi. Jazoni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasi alohida jinoyatlar uchun har xil turdagi jazolar tayinlanganda ham qoʻllaniladi. Bunda sudlar Jinoyat kodeksi 61-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan jazolarni qoʻshib hisoblash qoidalariga amal qilishlari lozim. Ayni paytda sudlar shuni nazarda tutishlar kerakki, JK 61-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq jarima va muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazolar boshqa turdagi jazolar bilan qoʻshib hisoblanmaydi va alohida ijro qilinadi.