Sudlar shuni hisobga olishlari kerakki, hukmlar majmui boʻyicha belgilangan jazo yangi jinoyat uchun belgilangan jazo muddatidan ham ilgarigi hukm boʻyicha belgilangan jazoning oʻtalmagan qismidan ham koʻproq boʻlishi kerak. Bunda ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi uzil-kesil jazo muddati yigirma besh yildan, voyaga yetmaganlarga — oʻn besh yildan, oltmish yoshdan oshgan erkaklar hamda ayollarga nisbatan esa — oʻn uch yil toʻrt oydan ortiq boʻlishi mumkin emas. Jinoyat kodeksi 60-moddasi uchinchi qismiga muvofiq, agar hukmlardan biri boʻyicha umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlangan boʻlsa, uzil-kesil jazo yengilroq jazo turini umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan qoplash yoʻli bilan tayinlanadi.