Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida 9-band. Takroran va retsidiv jinoyat sodir etilishi qonunda belgilangan asoslar va doirada…

Takroran va retsidiv jinoyat sodir etilishi qonunda belgilangan asoslar va doirada ogʻirroq jazo tayinlanishiga olib kelishini inobatga olib, har bir ish boʻyicha JK 77—80-moddalariga muvofiq tugallangan yoki olib tashlangan sudlanganlik holati mavjudligi haqidagi materiallar tekshirib chiqilishi va shunga asoslanib, retsidiv jinoyat bor-yoʻqligi toʻgʻrisidagi masala hal etilishi kerak. Jinoyat kodeksi 34-moddasi mazmuniga koʻra, retsidiv jinoyat mavjudligi haqidagi masalani hal etishda shaxs sudlanayotgan yoki muqaddam sudlangan qasddan sodir etilgan jinoyat tamom boʻlgan yoki tamom boʻlmagan jinoyat ekanligi, shuningdek ushbu jinoyatlardan qay birida boʻlsin shaxs bajaruvchi yoki ishtirokchi boʻlganligi ahamiyatga ega emas. Shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi masalani hal etishda shuni nazarda tutish lozimki, JK 34-moddasining oltinchi qismiga koʻra, oʻn sakkiz yoshgacha sodir qilingan jinoyat uchun sudlanganlik shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topishda hisobga olinmaydi. Shundan kelib chiqib, agar shaxs muqaddam bir nechta jinoyat uchun sudlangan boʻlib, ulardan ayrimlarini voyaga yetmagan yoshda sodir etgan boʻlsa, faqat voyaga yetgan davrda sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlanganlik eʼtiborga olinishi lozim. Shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish toʻgʻrisidagi masala hal qilinayotgan vaqtda uning boshqa davlatlar sudlarining hukmlari boʻyicha sudlanganligi ham hisobga olinishi mumkin. Bunda sudlar boshqa davlat sudining hukmida koʻrsatilgan jinoyat uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ham jinoiy taʼqib nazarda tutilganligini, shuningdek ushbu Kodeks 34-moddasidagi shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish uchun belgilangan mezonlarga muvofiqligini tekshirishlari kerak.