Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 21-band. Mehnat shartnomasini bekor qilishga xodim shu tashkilotdagi ishni haqiqatda tashlab…

Mehnat shartnomasini bekor qilishga xodim shu tashkilotdagi ishni haqiqatda tashlab ketish istagini bildirgan yozma arizasiga binoan yoʻl qoʻyiladi. Sudlar daʼvogarning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi natijasida berganligi toʻgʻrisidagi vajlarini sinchkovlik bilan tekshirmoqlari lozim. Bunda sudlarning eʼtibori, xodimni ariza yozishga nafaqat majburlash, bosim yoki tazyiq oʻtkazish, balki xodimda mehnat munosabatlarini tugatish istagi boʻlmay turib, ish beruvchi tomonidan uni ariza yozishga faol ravishda undash harakatlari ham qistov sifatida baholanishi lozimligiga qaratilsin. Arizani berish sanasi uni ish beruvchiga (tashkilot boshligʻiga, uning oʻrinbosariga, qabulxona kotibiga, kadrlar boʻlimiga, devonxonaga va boshqa) topshirgan kun hisoblanadi, ogohlantirish muddati esa keyingi kundan boshlanadi. Ogohlantirish muddatiga kalendar boʻyicha barcha kunlar kiradi. Ogohlantirish muddatining tugashi dam olish yoki bayram (ish kuni boʻlmagan kunga) kuniga toʻgʻri kelsa, oxirgi ish kuni va shartnomaning bekor boʻlish kuni boʻlib dam olishdan yoki bayramdan keyingi birinchi kun hisoblanadi. Bunda “dam olish kuni” deganda nafaqat umumiy dam olish kunini, balki aynan shu xodim uchun (masalan smenada ishlaydigan xodim) dam olish kunini, shuningdek ish beruvchi uchun dam olish kunini ham tushunish lozim. Qonunda belgilangan yoki taraflar kelishuviga koʻra qisqartirilgan ogohlantirish muddati tugagach, xodim ishni tugatishga haqli, ish beruvchi esa xodimga mehnat daftarchasi yoki elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani va mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruqdan nusxa berib, u bilan hisob-kitob qilishga majbur. Ish beruvchi tomonidan xodimning tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasining bekor qilinishini kechiktirishga, shu jumladan boshlangan ishni tugatmagani, qarzi yoʻqligi varaqasining imzolanmagani, xodimning moddiy qiymatlarni topshirmagani va boshqa hech bir sababga koʻra ham kechiktirishga yoʻl qoʻyilmaydi.