Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 25-band. Tushuntirilsinki, MKning 164-moddasiga koʻra, jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida…

Tushuntirilsinki, MKning 164-moddasiga koʻra, jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qoʻmitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan boʻlsa, shartnomani bunday rozilikni olmay turib bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Biroq, tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) oʻz muassislarining (ishtirokchilarining) yoki taʼsis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyat tugatilganligi munosabati bilan; MK 161-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan istalgan asoslardan biriga koʻra tashkilot rahbari, alohida tarkibiy boʻlinma rahbari bilan; tashkilot mulkdori oʻzgarganligi munosabati bilan MK 489-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, bosh buxgalter va tashkilotning alohida boʻlinmasi rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingan taqdirda kasaba uyushmasi qoʻmitasining roziligini olish talab etilmasligi eʼtiborda tutilishi lozim. Nizoni toʻgʻri hal etish uchun sud jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasi tuzilgan-tuzilmaganligini, unda xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qoʻmitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan-tutilmaganligini aniqlashi lozim. Bu oʻrinda shuni nazarda tutish lozimki, jamoa shartnomasining shartlari jamoa kelishuviga nisbatan xodimning holatini yomonlashtirishi mumkin emas. Agar tarmoq yoki hududiy jamoa kelishuvlarida ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun kasaba uyushmalari qoʻmitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan boʻlsa, bunday rozilik jamoa shartnomasida koʻrsatilgan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar olinishi shart.