Mehnat shartnomasi MK 168-moddasi birinchi qismining 4-bandiga asosan ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi, agar yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlikni bartaraf etish imkoni boʻlmasa va u ishni davom ettirishga toʻsqinlik qilgan hollarda bekor qilinadi. Bunday hollarga, xususan, quyidagilar kiradi: sud hukmiga koʻra maʼlum mansabni egallash yoki maʼlum faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilingan shaxslarni sud tomonidan tayinlangan vaqt davomida ishga qabul qilish; bir davlat tashkilotida oʻzaro yaqin qarindosh yoki quda tomonidan qarindosh boʻlgan shaxslarni, basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita boʻysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan boʻlsa, ishga (xizmatga) qabul qilish (MKning 121-moddasi); mehnat qonunchiligi bilan voyaga yetmaganlarni jalb qilish taqiqlangan ishlarga qabul qilish. Mehnat munosabatlarining qayd etilgan asosga koʻra bekor qilinishi bilan bogʻliq nizolarni koʻrishda sudlar ishga qabul qilishda qanday buzilishga yoʻl qoʻyilganini va bu mehnat shartnomasini bekor qilishga asos boʻla olishi mumkin yoki mumkin emasligini aniqlamogʻi zarur.