Agar qonunchilikka muvofiq mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelgan taqdirda xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi MK 168-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan bekor qilinadi. Bunday holatlarga: xodimning belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga toʻliq qobiliyatsiz deb eʼtirof etilganligi; davlat sirlaridan foydalanishi tugatilganligi, agar bajarilayotgan ish shunday foydalanishni talab qilsa; muayyan ishni bajarishga doir ruxsatnomadan yoki litsenziyadan mahrum etilganligi va boshqalar kiradi. Sudlar mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qiladigan yuqoridagi holatlar tugal emasligiga eʼtibor qaratishlari kerak. MK 168-moddasi birinchi qismining 5-bandida koʻrsatilgan holatlardan tashqari, qonunchilikda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan boshqa holatlar yuzaga kelib, mehnat munosabatlarini davom ettirishga monelik qilganda ham mehnat shartnomasi ushbu asosga koʻra bekor qilinadi.