Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 8-band. Sudya sudga murojaat qilish muddati oʻtkazib yuborilgan degan asos bilan daʼvo arizani…

Sudya sudga murojaat qilish muddati oʻtkazib yuborilgan degan asos bilan daʼvo arizani qabul qilmaslikka haqli emas. Sud mazkur muddat uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan deb topsa, uni tiklaydi. Agar sud ishdagi hujjatlarni har tomonlama tekshirib, sudga murojaat qilish muddati uzrsiz sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilganligini aniqlasa, daʼvoni rad etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 10-moddasiga koʻra, fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshirilishi tufayli, daʼvogarning sudga murojaat qilish muddatini oʻtkazib yuborganligi masalasi sud tomonidan bu haqda nizodagi taraf arz qilgandagina muhokama qilinishi mumkin (FK 153-moddasining ikkinchi qismi). Bunda sudlarning eʼtibori mazkur muddatni qoʻllash haqidagi ariza yozma berilishi yoki ogʻzaki ravishda arz qilinishi mumkinligi, arizaning ogʻzaki bildirilganligi sud majlisida muhokama qilinishi va bu haqida sud majlisi bayonnomasida koʻrsatilishi lozimligiga qaratilsin. Sud oʻz tashabbusiga koʻra sudga murojaat qilish muddati uzrsiz sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilganligi asosi bilan daʼvoni rad qilishga haqli emas. Daʼvogarlar ish haqini undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar va mehnat huquqlari munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa talablar yuzasidan davlat bojini, xodimlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan talablar boʻyicha sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilinganligi (Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonuni 8-moddasi birinchi qismining 1-bandi va MKning 562-moddasi), mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligini isbotlash vazifasi esa javobgar (ish beruvchi)ning zimmasiga yuklatilganligi sababli (MKning 174-moddasi) ishga tiklash haqidagi daʼvo arizalarini FPK 189-moddasi birinchi qismining 6, 8-bandlari va 195-moddasi birinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha qaytarishga yoʻl qoʻyilmaydi.