Oila kodeksining 44-moddasiga muvofiq nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda er-xotin sudga quyidagi masalalar yuzasidan kelishuv taqdim etishlari mumkin: nikohdan ajratilgandan keyin voyaga yetmagan bolalar ulardan qaysi biri bilan yashashi toʻgʻrisida; voyaga yetmagan bolalar va (yoki) mehnatga layoqatsiz muhtoj er(xotin)ga taʼminot berish uchun mablagʻ toʻlash tartibi va miqdori toʻgʻrisida; er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish toʻgʻrisida. Bunday kelishuv mavjud boʻlmagan yoki mazkur masalalar yuzasidan er-xotin oʻrtasida nizo boʻlgan hollarda ular nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi talab bilan bir vaqtda mazmunan koʻrib chiqiladi. Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan bir vaqtda nikoh shartnomasini toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talab ham, basharti bunday talablar oʻzaro bogʻliqligi sababli, koʻrib chiqilishi mumkin (FPK 196-moddasi ). Sud mazkur ishda javobgarning nikohni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi qarshi daʼvosini ham koʻrishga haqli (FPK 200-moddasi ).