Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti haqida 11-band. Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, ism (nom)ga boʻlgan huquq uni erkin tanlash…

Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, ism (nom)ga boʻlgan huquq uni erkin tanlash, foydalanish, oʻzgartirish, uni buzib koʻrsatilishi va uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy ishlatilishidan himoya qilishni oʻz ichiga oladi. Ism shaxsni individuallashtirish elementi hisoblanib, zararning mavjudligidan qatʼi nazar shaxsiy nomulkiy huquq sifatida himoyalanadi. Ismni oʻzlashtirish, almashtirish, qasddan buzib koʻrsatish, shaxsning roziligisiz uning obroʻsiga, qadr-qimmatiga yoki huquqiy shaxsiyatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan vaziyatlarda foydalanish bilan bogʻliq harakatlar nomulkiy huquqni buzish deb hisoblanadi. Sudlar ismdan ijodiy asarlarda, nashrlarda, raqamli profillarda va jamoatchilik bilan muloqotda foydalanilganligi shaxsning huquqlariga daxl qilgan-qilmaganligini aniqlashlari lozim. Bu huquqlar huquqni buzganlik faktini tan olish, ismdan foydalanishni toʻxtatish majburiyatini yuklash, uning toʻgʻri shaklini tiklash, keyingi tajovuzlarni taqiqlash, moddiy zarar va maʼnaviy ziyonni qoplash orqali tiklanishi mumkin. Soxta ismdan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda, agar bu ism shaxsni daʼvogar bilan bir kishi deb hisoblash imkonini bersa va uning obroʻsiga putur yetkazsa, nafaqat ismga boʻlgan huquq, balki shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻsiga boʻlgan huquqlar ham himoya qilinishi mumkin.