Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, shaxsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) ikkinchi boʻlimining 2-kichik boʻlimi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 26-moddasi birinchi qismining 11-bandiga muvofiq daʼvo tartibida koʻrib chiqiladi. Shu bilan birga, axborotni tarqatgan shaxsni aniqlashni imkoni boʻlmasa (anonim xatlar shaklida tarqatilganda, Internet tarmogʻida yoki boshqa axborot-kommunikatsiya tizimlarida joylashtirilganda, agar tarqatish manbasini aniqlash imkonsiz boʻlsa, shuningdek, axborot tarqatuvchi shaxs vafot etgan hollarda) huquqi buzilgan shaxsning tarqatilgan axborot haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar ekanligi faktini aniqlash haqidagi arizasiga asosan alohida ish yuritish tartibida (FPKning 27-28-boblari) ham koʻrib chiqilishiga yoʻl qoʻyiladi.