Sudlar tomonidan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalar taʼminoti uchun aliment undirishga oid ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 2-band. Qonunga muvofiq, voyaga yetmagan, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga…

Qonunga muvofiq, voyaga yetmagan, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar taʼminoti uchun aliment taraflarning kelishuviga koʻra ixtiyoriy tartibda, shuningdek, sud tartibida undiriladi. Tushuntirilsinki, aliment ota-onaning birining arizasi yoki daʼvosi bilan, agar boshqa ota (ona) voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish majburiyatini bajarmagan holatlarda sud tartibida (sud buyrugʻi yoki sudning hal qiluv qarori bilan) undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlash haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmaganda, shuningdek, aliment ixtiyoriy ravishda toʻlanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilmagan hollarda, voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan aliment undirish haqidagi daʼvo bilan voyaga yetmagan oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola murojaat qilishga haqli. Voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona) va bola alohida yashagan hollarda, voyaga yetmagan oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola ota yoki onasiga yoxud ota-onasining har ikkoviga nisbatan daʼvo taqdim qilishi huquqiga ega. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun aliment vasiylik va homiylik organlari, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yetim bolalar va bolalar uchun muassasalar, shuningdek, prokuror daʼvosiga koʻra, sudning hal qiluv qaroriga asosan undiriladi. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar taʼminoti uchun aliment ota-onaning birining daʼvosi bilan sudning hal qiluv qaroriga asosan undiriladi.