Qonun mazmuniga koʻra, MJtK 165 , 176 , 176³-moddalari , JK 188 , 190-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar subyekti, nafaqat yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega boʻlgan shaxs, balki tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmagan holda amalga oshirayotgan shaxs ham boʻlishi mumkin. Tashkilot tomonidan (mulkchilik shaklidan qatʼii nazar) qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilganda, javobgarlikka xizmat mavqeyiga koʻra tashkilotga doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha rahbarlik qilish majburiyati bevosita yuklatilgan shaxs (masalan, yuridik shaxs ijroiya organi rahbari yoki yuridik shaxs nomidan ishonchnomasiz harakat qilish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxs), shuningdek, amalda tashkilot rahbarining majburiyati yoki vazifalarini bajarayotgan shaxs tortiladi.