Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati subyektlari quyidagilarga haqli: qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga; mulk huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkka egalik qilishga, undan foydalanish va uni tasarruf etishga; oʻz faoliyati yoʻnalishlarini, tovarlar yetkazib beruvchilarni va oʻz tovarlari (ishlari, xizmatlari) isteʼmolchilarini mustaqil ravishda tanlashga; tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olishga, tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida ustun mavqeni egallab turgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari bundan mustasno; oʻz tovarlarini (ishlari, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor konyukturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar boʻyicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilishga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; barcha ishlab chiqarish xarajatlari oʻrni qoplanib, soliqlar va yigʻimlar toʻlanganidan keyin qolgan daromadni (foydani) erkin tasarruf etishga, sud tartibidagi majburiy undiruv hollari bundan mustasno; yuridik shaxs boʻlgan boshqa tadbirkorlik subyektlarining muassislari (ishtirokchilari) boʻlishga; tashki iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga; kredit olishga, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkini shartnoma shartlari asosida jalb etishga, shu jumladan binolarni, inshootlarni, uskunalarni va boshqa mol-mulkni olishga va (yoki) tekin, ijaraga (lizingga) olishga hamda ularni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga yoʻnaltirishga. Tadbirkorlik faoliyati subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.