JK 260 , 261 , 262 , 266, 268, 269-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar, harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish yoki boshqa qoidalar buzilishi xususiyatidan qatʼii nazar, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan, deb eʼtirof etiladi, chunki, bunda aybdor barcha hollarda oʻz-oʻziga ishonish yoki beparvolik bilan harakat qiladi. Agar aybdor harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini qasddan buzsa, uning qilmishi Jinoyat kodeksining qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Aybdor tomonidan bir necha mustaqil jinoyatlar sodir etilgan boʻlib, masalan, bu jinoyatlardan biri harakatlanish yoki transport vositasidan foydalanish xavfsizligiga qarshi, boshqasi esa, hayotga yoki sogʻliqqa qarshi jinoyat boʻlsa, uning harakatlari mazkur jinoyatlar majmuini tashkil etadi.