Maxsus bilim talab qiladigan masalalarni yoʻl-transport hodisasi xususiyatlaridan (transport vositalari harakatlanish tezligi, haydovchida yoʻl-transport hodisasining oldini olish uchun texnik imkoniyat bor-yoʻqligi, yoʻl-transport hodisasi ishtirokchilari harakatlarining “Yoʻl harakati qoidalari ” talablariga muvofiqligi, transport vositalari, ular agregatlari va uzellarining texnik holati va shu kabilardan) kelib chiqib, aniqlash uchun sud-avtotexnika ekspertizasi tayinlanishi lozim. Yoʻl-transport hodisasining boshqa holatlarini aniqlash uchun sud-avtotexnika ekspertizasi hal qiladigan masalalar bilan bir qatorda sud-trassologiya va boshqa ekspertizalarga oid masalalarni qamrab oluvchi kompleks ekspertizalar tayinlanishi mumkin. Ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda (ajrimda) xulosa berish uchun ekspertga zarur boʻlgan, ishda mavjud materiallarga asoslangan yoʻl-transport hodisasiga oid boshlangʻich maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim. Yoʻl-transport hodisasi holatlari toʻgʻrisida ishda bir-biriga zid maʼlumotlar mavjud boʻlganda, ekspertga (ekspertlarga) bu maʼlumotlarning har biri boʻyicha alohida xulosa berish topshiriladi.