Tashkilot, korxona, muassasalarda xizmat vazifalarini bajarishga vijdonsiz munosabatda boʻlish, transport vositalarining qoniqarsiz ahvoli, mehnat va ijro intizomini buzish, avtomobil yoʻllari, koʻchalar, temir yoʻldan oʻtish joylari va boshqa yoʻl inshootlarini saqlash qoidalarini buzish kabi jinoyat sodir etilishiga imkon yaratib bergan hollar aniqlanganda, sudlar xususiy ajrim (qaror) chiqarish yoʻli bilan tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslari eʼtiborini shu holatlarga qaratishlari lozim. Ish boʻyicha avtomobil yoʻllari, koʻchalar, temir yoʻldan oʻtish joylari va boshqa yoʻl inshootlarini saqlash qoidalari qoʻpol buzilishi ( yoʻllarning choʻkishi, yer osti inshootlari lyuklarining ochiq qoldirilishi, ogohlantiruvchi belgilar qoʻyilmaganligi va h.k.) hollari aniqlanib, u JK 266-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqargan yoʻl- transport hodisasi uchun sharoit tugʻdirgan boʻlsa, sudlar mazkur qoidalarga rioya etilishiga masʼul shaxslar (taʼmirlash-qurilish yoki foydalanish tashkilotlari xodimlari, ichki ishlar organlarining yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari va h.k.) harakatiga huquqiy baho berish uchun tegishli materiallarni prokurorga yuborishlari lozim.