Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bogʻliq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 7-band. Yoʻl harakati qoidalarining 1-bobiga koʻra, dvigatelining ish hajmi 50 sm ³ dan…

Yoʻl harakati qoidalarining 1-bobiga koʻra, dvigatelining ish hajmi 50 sm ³ dan oshmaydigan yoki elektrodvigatelining quvvati 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi esa soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch (toʻrt) gʻildirakli transport vositalarini (moped, (osma yurgizgichli (dvigatelli) velosiped), mokika, skuter hamda xuddi shunday tavsiflarga ega boʻlgan kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl hamda yoʻlning qatnov qismida harakatlanishga moslashtirilgan boshqa transport vositalarini boshqarib borayotgan shaxs JK 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyat subyekti boʻlishi mumkin emas. Mazkur transport vositalarini yoki ot-ulov transportini boshqarib borayotgan, shuningdek, velosipedchilar, aravacha, chana, bolalar hamda nogironlar aravachalarini tortib (yurgizib) borayotgan va yoʻl harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzishga yoʻl qoʻygan shaxs, agar bunda ehtiyotsizlik orqasida badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilgan yoxud odam oʻlgan boʻlsa, buning uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, JK 268-moddasi boʻyicha javobgar boʻladi. Agar yoʻl harakati va transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish bir necha turdagi transport vositasi haydovchilarining jinoiy harakatlari bilan sababiy bogʻlanishda boʻlsa, bunday holda ular transport vositasi turidan kelib chiqib, tegishlicha, JK 266 yoki 268-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortiladilar.