Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari yuzasidan hukm chiqarishda ularning jinoiy qilmishlariga xolisona baho berilishi, ularga nisbatan JKning 72 , 87-moddalarini qoʻllash masalasini sudlar atroflicha, har tomonlama muhokama qilishlari lozim. Sudlar voyaga yetmaganlarga nisbatan JKning 72-moddasini qoʻllaganlarida sudlanganga sinov muddati davrida qanday muayyan majburiyatlar yuklatilishini (oʻqishni yakunlashi, ishga joylashishi va hokazolar) hukmda aniq koʻrsatishlari shart. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tayinlayotganda JK 82-86-moddalari talablaridan kelib chiqish lozim boʻlib, bunda JK 57-moddasini qoʻllash talab etilmaydi. Sudlanuvchiga u aybdor deb topilgan JK Maxsus qismining moddasida nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazolarning tayinlanish hollari bundan mustasnodir. Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda shu Kodeksning 560-moddasiga muvofiq, voyaga yetmaganlar jinoyatlari toʻgʻrisidagi ish yopiq sud majlisida koʻriladi. 10¹. Sud voyaga yetmagan shaxsni shartli hukm qilsa yoki unga ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazo tayinlasa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 339-sonli qaroriga asosan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jamoat tarbiyachisi tayinlash zarurligini muhokama qilishi shart.