Jinoyat-protsessual kodeksining 551 va 562-moddalariga muvofiq sud voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari koʻriladigan vaqt va joy haqida ularning ota-onasini, ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarni, vasiylik yoki homiylik organi vakillarini, voyaga yetmaganlar oʻqigan yoki ishlagan korxona, muassasa, tashkilotni, bolalar masalalari boʻyicha komissiyani, zarur boʻlsa boshqa tashkilotlarni ham xabardor qiladi. Sud bu tashkilotlarning vakillarini, sudlanuvchining vasiy yoki homiysini, bolalar masalalari boʻyicha komissiyaning vakillarini guvoh sifatida soʻroq qilish uchun sud majlisiga chaqirishga haqlidir. Voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy vakili masalasi hal etilayotganda shuni nazarda tutish kerakki, JPKning 60-moddasining 2-qismida keltirilgan qonuniy vakil boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslarning roʻyxati qatʼiy berilgan. Agar voyaga yetmaganning ota-onasi boʻlmasa va u yolgʻiz yashayotgan yoxud tegishli ravishda vasiy yoki homiy etib tayinlanmagan shaxs bilan yashayotgan boʻlsa, sud voyaga yetmaganning qonuniy vakili sifatida vasiylik yoki homiylik organining vakilini chaqirishi zarur.