Xususiylashtirishni haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvo arizasi bilan turar joyning xususiylashtirilishi natijasida huquqi buzilgan shaxslar, hokimiyatlar, tashkilotlar, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining turar joy masalalari boʻyicha boʻlimlarining hududiy organlari va prokuror murojaat qilishga haqlidirlar. Yuqorida koʻrsatilgan toifadagi ishlarni koʻrib chiqishdan oldin sudya zarur hujjatlarni, jumladan, hokimning xususiylashtirishga ruxsat berganligi haqidagi qarorini va shu qarorni qabul qilishga asos boʻlgan hujjatlarni, shuningdek, turar joyga egalik huquqini beruvchi davlat orderining asl nusxasini talab qilib olishi shart. Turar joyga egalik huquqini beruvchi davlat orderini haqiqiy emas deb topish bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda sudlar ishda xususiylashtirilgan turar joy egasining oila aʼzolari, hamda turar joy maydoniga haqli boʻlgan va uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar, shuningdek hokimiyat, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining turar joy boʻyicha hududiy boʻlinmalari ishtirok qilishlarini taʼminlashlari zarur.