Sotilayotgan turar joy sotilganidan keyin qonunga muvofiq uy-joydan foydalanish huquqini oʻzida saqlab qoladigan shaxslar yashab turgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasining muhim sharti — bu shaxslarning roʻyxatini sotilayotgan uy-joydan foydalanish huquqlari koʻrsatilgan holda tuzishdan iborat ekanligiga sudlar eʼtibori qaratilsin. FKning 488-moddasida xususiylashtirilgan kvartira, uy — uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozimligi koʻrsatilgan. Turar joy boʻyicha sotish, hadya va almashtirish bitimlari amalga oshirilgach, shuningdek qonunda belgilangan tartibda uy meros sifatida qabul qilingach, kvartira (kvartiraning bir qismi), uy (uyning bir qismi) xususiylashtirilgan turar joy maqomini yoʻqotadi.