Sudlar turar joylarni almashtirish shartnomasini ayirboshlash shartnomasidan farq qilishlari lozim. Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq har bir taraf ayirboshlanayotgan mulkka nisbatan egalik huquqiga ega boʻladi. Xususiylashtirish natijasida fuqarolarning umumiy egalik huquqiga oʻtgan turar joyning ayirboshlanishi faqatgina umumiy mulkning barcha ishtirokchilari roziligi asosida amalga oshirilishi mumkindir. Ayirboshlash shartnomasi tuzilishida Fuqarolik kodeksi normalari qoʻllaniladi. “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasi 5-bandiga koʻra xususiylashtirilgan turar joyning egasi uni har qanday uy-joyga, kvartiraga, jumladan kooperativ kvartiraga almashtirish huquqiga egadir. Almashtirish shartnomasi tuzilishida Uy-joy kodeksi normalari qoʻllaniladi. Xususiylashtirilgan turar-joyning almashtirilishiga umumiy mulkning barcha ishtirokchilari roziligi bilangina yoʻl qoʻyilishi mumkin. Xususiylashtirilgan turar joyni almashtirish masalasida turar joy egasi bilan yuqorida qayd qilingan shaxslar oʻrtasida bir bitimga kelinmagan hollarda, ular turar joyni majburan almashtirish toʻgʻrisida sudga murojaat qilishga haqlidirlar. Turar joy egasining sobiq oila aʼzosi oʻziga tegishli hissaning ajratib berilishiga roziligi boʻlganda daʼvogar koʻchirilayotgan shaxsga uning umumiy mulkdagi hissasiga teng boshqa turar joy olib berish va javobgarni shu turar joyga koʻchirishni talab qilish huquqidan mahrum emas. Umumiy mulk egalarining bir turar joyda yashashlari mumkin boʻlmay qolgan taqdirda, sud taraflardan biriga koʻchirib chiqarilayotgan shaxsning uydagi hissasini pul barobarida unga toʻlash majburiyatini yuklashi mumkin. Taraflar narx boʻyicha kelishuvga kelolmagan taqdirda bu narx mutaxassislar tomonidan belgilanishi mumkin.