Xususiylashtirilgan turar joyning egasi boʻlib hisoblanmaydigan, bu uy-joydan mustaqil foydalanish huquqiga ega boʻlmagan, yaʼni turar joy xususiylashtirilganidan keyin unga kiritilgan ijarachilar, mulkdorning sobiq oila aʼzolari va boshqa shaxslar mulkdor tomonidan faqat qonunda koʻrsatilgan hollar va asoslar boʻyicha koʻchirib chiqarilishlari mumkin. Turar joy xususiylashtirilguniga qadar u yerda yashagan va “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasiga binoan umumiy mulkning ishtirokchisi boʻlish huquqiga ega boʻlgan, lekin undan voz kechgan shaxslarni xususiylashtirilgan turar joydan koʻchirish haqidagi ishlarni koʻrishda qayd etilgan shaxslarning qanday shart-sharoitda oʻz nomlariga egalik huquqini rasmiylashtirishdan voz kechganliklari bilan bogʻliq holatlarni tekshirish lozim. Agar fuqaro yangilishtirilganligi sababli yoki oʻz xatti-harakatlarining oqibatini tushuna olmaganligi natijasida turar joyni xususiylashtirishdan voz kechganligi, yoxud xususiylashtirilgan turar joyning egasi tomonidan uyga nisbatan egalik huquqidan voz kechish bilan bogʻliq taraflar oʻrtasida boʻlgan kelishuv shartlari buzilganligi aniqlansa, sud tomonidan bu fuqaroga turar joyni xususiylashtirish haqidagi shartnomani haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida qarshi daʼvo keltirish huquqlari tushuntirilmogʻi lozim.