Umumiy ulushli mulk huquqi asosida bir necha shaxsga tegishli boʻlgan uydan ulush ajratib berish (uyni boʻlish) haqidagi nizolarni koʻrishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, Fuqarolik kodeksining 223-moddasiga koʻra, ulushli mulk ishtirokchisi oʻz ulushini umumiy mol-mulkdan asl holida ajratib berilishini talab qilishga haqli. Umumiy ulushli mulk ishtirokchisining talabi boʻyicha unga umumiy mulk boʻlgan uydan tegishli ulushini ajratib berish (uyni boʻlish) uyning va yordamchi imoratlarni ishtirokchining ulushiga mutanosib hamda kirish-chiqishi alohida boʻlgan qismini unga mulk qilib berilishini, shuningdek u umumiy mulkdagi ulushga boʻlgan huquqini yoʻqotganligini anglatishini inobatga olib, sud bunday talabni, agar ajratib berilayotgan ulush uyning kirish-chiqishi alohida boʻlgan qismini tashkil etsa yoki uyning bu qismini tegishincha qayta jihozlash yoʻli bilan alohida qilib ajratib qoʻyish mumkin boʻlsagina, qanoatlantirishga haqli. Uyning bir qismini qayta jihozlash yoʻli bilan bogʻliq holda ajratib berishga, bunday jihozlash arxitektura hamda qurilish normalari hamda qoidalariga monand boʻlsagina, yoʻl qoʻyiladi.