Agar ulushni ajratib berish texnik jihatdan mumkin boʻlsa-yu, har bir mulkdorga toʻgʻri keladigan ulush miqdoridan chekinishga toʻgʻri kelsa, sud ajratib berilayotgan ulush miqdorini muayyan holatlarni inobatga olgan holda koʻpaytirishi yoki kamaytirishi mumkin. Bunga ajralib chiqayotgan mulkdorning ulushiga qoʻshilgan uy qismi uchun yoki ajralib chiqayotgan mulkdor ulushining boshqa mulkdorlarda qoldirilayotgan qismi uchun pul kompensatsiyasi toʻlash sharti bilan yoʻl qoʻyiladi. Sud uyni boʻlish haqidagi nizo boʻyicha oʻzining hal qiluv qarorida uyning qaysi qismi alohida qilib ajratib berilayotganini hamda bu qism uyning qanday ulushini tashkil etishi aniq koʻrsatib oʻtmogʻi lozim. Ajralib chiqayotgan mulkdorga qaysi yordamchi imoratlar berilishi ham qarorda oʻz aksini topmogʻi lozim.