Shuni nazarda tutish joizki, uyga boʻlgan mulk huquqi bilan bogʻliq quyidagi nizolar sudlarga taalluqlidir, xususan: a) uyga yoki uning bir qismiga (ulushga) boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish haqidagi; b) umumiy ulushli mulk huquqi asosida bir necha shaxsga yoki umumiy birgalikdagi mulk huquqi asosida er-xotinga tegishli uydan ulushni ajratib berish (uyni boʻlish) haqidagi; v) uyning va yordamchi imoratlarning ustiga, yoniga qoʻshimcha imoratlar qurish yoki ularni qayta qurish toʻgʻrisidagi, basharti bunga umumiy ulushli mulkning boshqa ishtirokchilari eʼtiroz bildirgan boʻlsa; g) uydan foydalanish tartibini belgilash haqidagi; d) umumiy ulushli mulk boʻlgan uydagi ulushlari miqdorini oʻzgartirish haqidagi; e) umumiy ulushli mulk boʻlgan uydagi ulushini imtiyozli asosda sotib olish huquqi haqidagi; j) uyning oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya va boshqa shartnomalarni haqiqiy emas deb topish haqidagi; z) oʻzboshimchalik bilan qurilgan uyga nisbatan qonunda nazarda tutilgan hollarda mulk huquqini eʼtirof etish haqidagilar.