Yakka tartibda qurilgan uyga boʻlgan mulk huquqi bilan bogʻliq nizolar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 25-band. FK 212-moddasining toʻrtinchi qismi talabiga koʻra, imorat qurilgan yer uchastkasining…

FK 212-moddasining toʻrtinchi qismi talabiga koʻra, imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning ham oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkin. Bu holda imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilgan shaxs imorat qurgan shaxsning xarajatlarini sud belgilagan miqdorda qoplaydi. Sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, FK 212-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, nazarda tutilgan imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxs bilan ushbu yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs oʻrtasida nizo mavjud boʻlgandagina oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish haqidagi daʼvo sudda koʻrishga tegishli boʻladi.