Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, belgilangan tartibda ajratib berilgan yer uchastkasida qurilgan yangi uyga boʻlgan mulk huquqi Fuqarolik kodeksining 210-moddasiga asosan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi. Qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar Oʻzbekiston Respublikasi “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonunining 37-moddasiga asosan davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan boʻlsa, boshqa shaxsga begonalashtirilishi mumkin emas Uyni birgalikda qurayotgan er-xotinning, imorat soluvchining oila aʼzolarining, shuningdek merosxoʻrlarning daʼvosiga koʻra sud qurilishi tugallanmagan uyni, agar uning tayyor boʻlganlik darajasini inobatga olib, alohida qilib ajratib berish mumkin boʻlgan qismlarini keyinchalik ularning mazkur shaxslar tomonidan qurilishi oxiriga yetkazilishi texnik imkoniyatlari mavjudligidan kelib chiqqan holda aniqlash mumkin boʻlsa, boʻlishga haqli. Qurilishi tugallanmagan uyni boʻlishning imkoniyati boʻlmasa, sud mazkur shaxslarning qurilish materiallariga hamda uyning konstruktiv elementlariga boʻlgan huquqini eʼtirof etishi mumkin.