Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash haqidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 12-band. Sudlarning eʼtibori FPK 295-moddasi ikkinchi qismining 4-bandiga muvofiq farzandlikka…

Sudlarning eʼtibori FPK 295-moddasi ikkinchi qismining 4-bandiga muvofiq farzandlikka olish, nikoh, nikohdan ajratish va vafot etganlik faktini emas, balki ularni FHDY organlarida qayd etilganligi faktini aniqlash lozimligiga qaratilsin. Qayd etilgan faktlar agar FHDY organida tegishli yozuvlar arxiv hujjatlari yoʻqolganligi sababli saqlanmagan va bunday yozuvlarni tiklash FHDY organlari tomonidan rad qilingan boʻlsa, sud tomonidan aniqlanadi. Nikohni yoki nikohdan ajratishni qayd etilganlik faktini aniqlashni soʻrab sudga er-xotinning ikkalasi murojaat qilishi mumkin. Bu haqda sudga er-xotindan biri ariza bilan murojaat qilgan taqdirda, ikkinchisi ishga manfaatdor shaxs sifatida jalb qilinadi. Sudlar farzandlikka olishni qayd etilganlik faktini, shuningdek farzandlikka olish haqida tegishli organ tomonidan qaror qabul qilinganligi faktini aniqlash haqidagi talablarni ham koʻrishi mumkin. Faktik ravishda farzandlikka olinganlik yuridik ahamiyatga ega emas va bunday faktni aniqlash toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish rad etilishi lozim.