Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash haqidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 14-band. Shaxsni huquqini belgilovchi hujjatlarda koʻrsatilgan ismi, otasining ismi yoki…

Shaxsni huquqini belgilovchi hujjatlarda koʻrsatilgan ismi, otasining ismi yoki familiyasi shu shaxsning pasportdagi yoxud tugʻilish guvohnomasidagi ismi, otasining ismi yoki familiyasiga mos kelmagan taqdirda, (FPK 295-moddasi ikkinchi qismining 6-bandi) arizachiga mazkur huquqni belgilovchi hujjatni tegishli ekanligi, hujjatni bergan tashkilot unga tegishli oʻzgartirish kirita olmasligini tasdiqlovchi dalillar taqdim qilgandagina, sud tomonidan aniqlanadi. Agar arizachida tegishli faktni aniq tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar boʻlsa, sud huquqni belgilovchi hujjatni unga tegishli ekanligi faktini aniqlash toʻgʻrisidagi arizani qabul qilishga haqli emas. Sud tomonidan jamoat birlashmalariga aʼzolik biletlari, harbiy hujjatlar (harbiy bilet, harbiy xizmatchining shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma) pasport, FHDY organlari tomonidan beriladigan guvohnomalarni shaxsga tegishli ekanligi faktini aniqlash haqidagi arizalar koʻrib chiqilmaydi. Sud guvohnomani orden yoki medalga tegishli ekanligi faktini aniqlash haqidagi arizalarni ham koʻrishga haqli emas. Bunday hujjatlardagi xatolar faqatgina ularni bergan organ va tashkilotlar tomonidan bartaraf etilishi mumkin. Mansabdor shaxslarning va davlat boshqaruvi organlarining ushbu hujjatlarga tuzatish kiritishni rad etganligi haqidagi qarorlari ustidan maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan qoida va tartib boʻyicha shikoyat qilinishi mumkin. Hujjatni tegishliligi faktini aniqlash oʻrniga hujjatlarda nomi turlicha koʻrsatilgan fuqaroni aynan bir shaxs deb tanish mutlaqo mumkin emas, chunki (shaxslarni) aynan bir kishi deyishlik yuridik ahamiyatga ega emas.