Sud baxtsiz hodisa faktini aniqlash haqidagi ishni koʻrishda (FPK 295-moddasi ikkinchi qismining 7-bandi), baxtsiz hodisa faktini sudsiz tartibda aniqlashni imkoniyati boʻlmasa va aniqlash imkoni yoʻqligi tegishli hujjat bilan tasdiqlansagina, uni aniqlashga haqli ekanligini nazarda tutish lozim. Sud baxtsiz hodisa faktini belgilash haqidagi arizani quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlganida qabul qilishi lozim: baxtsiz hodisa haqida dalolatnoma umuman tuzilmagan yoki ayni vaqtda uni tuzish imkoniyati boʻlmasa; baxtsiz hodisa haqida dalolatnoma tuzilgan, lekin keyinchalik arizachi tomonidan yoʻqotilgan va uni boshqacha tartibda tiklash mumkin boʻlmasa; dalolatnoma tuzishda xatolikka yoki uni isbotlovchi kuchidan mahrum qiluvchi noaniqlikka yoʻl qoʻyilgan boʻlsa va buni tegishli organ tuzata olmasa. Mehnatda mayib boʻlishga, yaʼni ishchi yoki xizmatchining sogʻligiga shikast yetkazilishiga olib kelgan, korxona, tashkilot, muassasadagi faoliyat bilan bogʻliq baxtsiz hodisagina yuridik ahamiyatga ega boʻlishi mumkin. Sud baxtsiz hodisa faktini aniqlashda mehnatga layoqatsizlikning sabablari va darajasini, shuningdek nogironlik sababi, guruhi va kelib chiqish vaqtini belgilashga haqli emas.