Ishni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida sudya: ushbu fakt qanday maqsadda aniqlanishi lozimligini; qaysi fuqarolar va tashkilotlar bu ishni hal qilinishidan manfaatdor boʻlishlari mumkinligi va sud majlisiga qatnashishga jalb qilinishi lozimligini; ushbu fakt qaysi dalillar bilan tasdiqlanishini aniqlashi shart. Sudya, shuningdek arizachidan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni olish yoki tiklashni imkoniyati yoʻqligini isbotlovchi qoʻshimcha dalillarni taqdim etishni talab qilishga haqli. Yuridik faktni aniqlash haqidagi ish boʻyicha manfaatdor shaxs FPK 40-moddasida nazarda tutilgan barcha huquq va majburiyatlarga ega. Yuridik faktni aniqlash haqidagi ishlar, sudlar tomonidan FPK 27-28-boblarida nazarda tutilgan istisno va qoʻshimchalar bilan fuqarolik sud ishlarini yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha koʻriladi.